Oʻzbekiston milliy tartibga solish organi GHWPʻga toʻlaqonli aʼzo boʻldi
Avval xabar berganimizdek shu kunlarda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida 28-Global Harmonization Working Party — GHWP yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Tadbirda Oʻzbekiston nomidan ishtirok etayotgan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov, “Yurtimizda tibbiy buyum va tibbiy texnika sifatini taʼminlashda nazorat” mavzusidagi maʼruzasi bilan chiqish qildi.
U oʻz nutqida tibbiy buyumlar va tibbiy texnika xavfsizligini taʼminlashda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, xalqaro hamkorlikning ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi.
Taʼkidlash joiz, mazkur muhim tadbirda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining GHWPʻga aʼzolikka qabul qilish haqidagi soʻrovi tashkilotchilar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. Hamda Oʻzbekiston milliy tartibga solish organi GHWPʻga toʻlaqonli aʼzo siftida qabul qilndi.
Maʼlumot uchun GHWP — bu global farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy uskunalarni tartibga solish sohasidagi xalqaro tashkilot boʻlib, uning maqsadi dori vositalari va tibbiy uskunalarning xavfsizligi va sifatini taʼminlashda global standartlarni muvofiqlashtirish va ularga amal qilishni mustahkamlashdir.
Hozirda GHWPʻga dunyo boʻylab 30 dan ortiq mamlakatning farmatsevtika va tibbiy uskunalarni tartibga solish organlari aʼzo boʻlib, ularning qatorida Yevropa, AQSH, Yaponiya, Koreya, Xitoy va boshqa bir qator mamlakatlar bor. Oʻzbekistonning mazkur tashkilotga aʼzo boʻlishi tartibga solish sohasida xalqaro standartlarga muvofiq ishlash, ilgʻor tajriba almashish va muammolarni birgalikda hal etish imkonini beradi.