USAID delegatsiyasi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida

14.08.2023 1483

SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Mirzoxidjon Qodirov, АQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) delegatsiyasi vakillari - USAID'ning Oʼzbekistondagi missiyasi direktori oʼrinbosari Edvard Mixalьski, Sogʼliqni saqlashni rivojlantirish boshqarmasi direktori Cherri Gumapas va boshqarma maslahatchisi Charlьz Lerman bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Markaz laboratoriyalari faoliyatini yanada takomillashtirish, zamonaviy standartlar asosida sifat nazoratini amalga oshirish boʼyicha Sogʼliqni saqlash vazirligi va АQSh Farmakopeya konventsiyasi hamda USAID bilan kelgusida amalga oshirlishi rejalashtirilgan loyihalar boʼyicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, АQShlik mutaxassislar Markaz laboratoriyalarining sifat menejmenti va texnik imkoniyatlari hamda JSSTning qayta malakalash dasturi doirasida baholash-auditiga tayyorgarlik boʼyicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

Eslatib oʼtamiz, JSST talablariga muvofiq, Markaz laboratoriyalari faoliyatini "GPPQCL" boʼyicha baholashga tayyorlash uchun "USAID PQM +" dasturi katta texnik maslahatchisi Аnjela Oliver jalb etilgan boʼlib, mazkur hamkorlik Sogʼliqni saqlash vaziri Аmrillo Inoyatov boshchiligidagi delegatsiyamizning АQShga safari doirasida erishilgan kelishuvga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlash joiz, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyalari qayta malakalash auditidan muvaffaqiyatli oʼtganidan soʼng Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining xalqaro elektron bazasiga kiritilib, dori vositalarining sifat nazorati tahlillari va xulosalari jahon miqyosida tan olinishiga erishiladi.