Dori vositalari nega majburiy raqamli markirovkalanmoqda?

06.02.2023 1701

— Markirovkalashning asosiy maqsadi — aholini qalbaki dori vositalaridan himoya qilish, uning tarqalishiga qarshi kurashishdan iborat.

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, ushbu mexanizmning joriy etilishi dori vositalarini nafaqat ishlab chiqarish, balki ularning importidan to oxirgi isteʼmolchi qo‘liga yetib borishi hamda muomaladan chiqarilishigacha bo‘lgan hayotiy siklini kuzatish va nazorat qilish imkonini beradi.

✅ Tizim orqali, isteʼmolchi sotib olayotgan dori vositasining qalbaki emasligi, uni hayoti va salomatligi uchun xavfsizligiga ishonch hosil qilishi mumkin bo‘ladi.

Aytish joiz, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda ham farmatsevtika mahsulotlarini bosqichma-bosqich majburiy raqamli markirovkalash tizimiga o‘tilmoqda. Davlat va xususiy sheriklik asosida yaratilgan milliy tizim orqali endilikda dori vositalarini markirovkalash va monitoring qilish hamda kuzatish imkoni yaratilmoqda.

Ushbu tizim isteʼmolchilarga nima beradi?

Bunday raqamli belgilarni qo‘llash isteʼmolchilar uchun dori vositasi haqidagi barcha maʼlumotlarni olish imkonini yaratadi. Endi siz dorixonadan biror dori vositasini xarid qilishdan avval, ishlab chiqaruvchi va uni import qilgan kompaniya nomi, ishlab chiqarilgan joy, realizatsiya qilayotgan shaxs, standart raqam kabi maʼlumotlarni dori vositasining qadog‘idagi maxsus kodni skanerlash orqali bilib olasiz. Bu maʼlumotlar esa davlat axborot tizimida saqlanadi.

Aziz Abdumalikov, 
Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika
ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi mutaxassisi

Davlat markazi Axborot xizmati