Joriy yilning 10 oktyabr kuni “Dori vositalari tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlash Davlat markazi” DUKda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 apreldagi “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi 149-sonli Qarori bilan bosqichma-bosqich joriy etilayotgan, dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi va uning ahamiyatini tushuntirish maqsadida uchrashuv tashkil qilindi.
Davlat markazining Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini raqamli markirovkalash bo‘limi, Tibbiy mahsulotlarni sertifikatlashtirish organi va Farmakopeya qo‘mitasi hamda “CRPT TURON” MCHJning masʼul xodimlari ishtiroki bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda markirovkalash bo‘yicha bir qator masalalar yuzasidan tushuntirish berib o‘tildi. Xususan:
- majburiy raqamli markirovkalashni boshlash muddatlari;
- dori vositalari va tibbiy buyumlarni raqamli markirovkalash tartib-taomillari;
- dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tartibi joriy qilingan kundan boshlab, ularni raqamli markirovkalanmagan holda sertifikatsiyadan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligi (yuqoridagi qarorning 3-bandi uchinchi va to‘rtinchi xatboshida keltirilgan holatlar bundan mustasno);
- dori vositalari va tibbiy buyumlarning normativ hujjatlariga o‘zgartirish kiritish;
- raqamli identifikatsiyalash vositasi qanday maʼlumotlarni o‘z ichiga olishi va uni qo‘llash tartibi;
- dori vositasining isteʼmol qadog‘iga stikerni qo‘llash uchun quyilgan talablar;
- dori vositalari va tibbiy buyumlarning kuzatilishini taʼminlash uchun zarur bo‘lgan markirovka kodlarini taqdim etish;
- «Asl belgisi» mobil ilovasining ishlash tartibi va boshqa mavzular bo‘yicha to‘liq tushuntirish-targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.
Davlat markazi Axborot xizmati