Fransiyaning Strasburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan Yevropa farmakopeyasi 11-nashriga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Tibbiy mahsulotlar sohasidagi siyosat va standartlar departamenti va Xalqaro farmakopeya rahbari Gwaza Luther hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari Farmakopeya konvensiyasining farmatsevtik hamkorlik bo‘yicha bosh menedjeri janob Dr. Moore Kevin bilan uchrashishdi.
Suhbat chog‘ida Davlat farmakopeyasi tahririyati Bosh muharirri Xabibulla Djalilov xorijlik hamkasblariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha maʼlumot berdi. Janob Gwaza Luther va Dr. Moore ushbu tashabbusni eʼtirof etib, qilinayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Shuningdek, samimiy kechgan muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish jarayonida zamonaviy ilmiy tadqiqot ishlarini joriy etish, shu jumladan farmatsevtik faol ingridiyentlar, yordamchi moddalar va yot aralashmalarning standart namunalarini belgilash, ularni Davlat farmakopeyasiga kiritish va ishlab chiqaruvchi kompaniyalar va nazorat tahlil laboratoriyalarni farmatsevtik standart namunalari bilan taʼminlash masalalari bo‘yicha hamkorlik qilish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Davlat markazi Axborot xizmati