Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaati asosida "Neo-Madina-pharm" MCHJga tegishli Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 2-katta Chilonzor MFY, 2-mavze 4-uy 13-xonadonda joylashgan dorixonada o‘tkazilgan tekshiruv natijasiga ko‘ra, mazkur dorixonada 4 turdagi dori vositalari muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmaganligi hamda 7 turdagi dori vositalari amaldagi Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi aniqlangan.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining "Neo-Madina-pharm" MCHJga tegishli dorixonaga 2023 yil 3 aprel kuni berilgan 072216-sonli litsenziyani bekor qilish haqida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi va "Neo-Madina-pharm" MCHJga berilgan litsenziya bekor qilindi.
Eslatib o‘tamiz, "Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona nizom"ga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish - faoliyat uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladigan, litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi.
Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, qonun hujjatlari buzilishi shu jumladan dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini shakllantirish tartibi qo‘pol buzilganligi oqibatida litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va qonun buzilishlariga bevosita aloqador xodimlar (provizorlar, farmatsevtlar)ning yagona reyestri Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan yuritilib kelinmoqda.
Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi