Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Agzam Nartayev Koreya tibbiyotini rivojlantirish milliy instituti (NIKOM) direktori Baik Yousang boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Maʼlumot uchun, Koreya tibbiyotini rivojlantirish milliy instituti (NIKOM) Koreya tibbiyot sanoatining innovatsion o‘sishini hamda standartlashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi. Shu bilan birga milliy tibbiy sug‘urta qamrovini kengaytirish, koreys tibbiyotidan foydalanish tizimini takomillashtirish va uni jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha bir qator vazifalarni amalga oshiradi.
Muloqot avvalida NIKOM direktori Baik Yousang bugungi uchrashuv uchun o‘z minnatdorligini bildirib, kompaniya delegatsiyasining yurtimizga tashrifidan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida sohada, jumlada xalq tabobati yo‘nalishida hamkorlikni yana-da kengaytirish ekanligini maʼlum qildi.
Markaz rahbari Agzam Nartayev farmatsevtika, xalq tibbiyoti sohasida hamkorlik qilish, o‘zaro bilim va tajriba almashish tomonlar uchun muhim ekanligini taʼkidlab, soha qonunchiligini takomillashtirish, zamon talablariga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash va zamonaviy texnik bazani shakllantirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Baik Yousang ushbu yo‘nalishlarda rivojlanishi muhimligi, hamda Koreya tajribasida ohirgi o‘n yillik davomida ko‘p qiyinchiliklarni yengib o‘tilgani va bu tajribalar bilan O‘zbekiston tomoniga o‘rtoqlashishi haqida maʼlum qildi. shuningdek, NIKOM rahbari mamlakatimiz hududida o‘sadigan dorivor o‘simliklar asosida tayyorlangan dori vositalarini namoyish qildi.
Muloqot yakunida xalq tabobati yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni boshlash maqsadida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Koreya tibbiyotini rivojlantirish milliy instituti (NIKOM) o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati