Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ogohlantiradi

02.11.2022 2692

Rossiya Federatsiyasi “Farmstandart - Tomskximfarm” OAJning Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga murojaatida kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan “Levomitsetin tabletki 0.5 g №10”, seriya 120319, yaroqlilik muddati “04.24” bo‘lgan dori vositasi qalbakilashtirilganligi to‘g‘risida maʼlum qilgan.

Kompaniya maʼlumotiga ko‘ra, “Levomitsetin tabletki 0.5 g №10” dori vositasi “Farmstandart-Tomskximfarm” OAJ tomonidan O‘zbekiston uchun 2014 yil aprel oyidan buyon ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan. Oxirgi ishlab chiqarilgan 10414 seriyali dori vositasining yaroqlilik muddati 2019 yil may oyida tugagan.

Shuningdek, “Levomitsetin tabletki 0.5 g №10” dori vositasining O‘zbekiston Respublikasida tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik muddati 2016 yil iyun oyida yakuniga yetgan. (RU № B-250-95 № 38106 20.06.2011 yildan 20.06.2016 yilgacha)

Yurtimizda dori vositalarining ulgurji va chakana realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi hurmatli tadbirkorlar!

Eslatib o‘tamiz, "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi Qonunining 23-moddasiga muvofiq, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini realizatsiya qilish maqsadida saqlash, tashish taqiqlanadi

Shuningdek, “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizom”ga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish, litsenziyaning amal qilishini tugatishga olib keladigan litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi.

Davlat markazi Axborot xizmati