Tibbiyot sohasida Singapur tajribasi o‘rganildi

11.03.2025 443

Tibbiyot sohasida Singapur tajribasi o‘rganildi

 

Hujayra texnologiyasi asosida ishlab chiqariladigan biotexnologiya dori vositalarini qo‘llashda Singapur tajribasini o‘rganish va uni yurtimizda keng tatbiq etish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mas’ullaridan iborat delegatsiya ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Dastlab, vakillarimiz Singapur onkologiya instituti milliy universiteti (NCIS)ga tashrif buyurib, sohadagi ilg‘or tadqiqotlar, klinik amaliyot va ta’lim tizimidagi yutuqlar bilan yaqindan tanishdi. Muloqot davomida mehmonlarga hujayra terapiyasining zamonaviy usullari, CAR-T, NK- va DK-hujayra terapiyasi, shuningdek, gen injenerligi asosidagi texnologiyalar yordamida maqsadli davolash usullari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng, Advanced Cell Therapy and Research Institute Singapore (ACTRIS) markazida sohada qo‘llaniladigan dori vositalarini tayyorlash, ishlab chiqarish va sifat nazorati usullari o‘rganildi. Shu bilan birga, mazkur dori vositalari uchun joriy etilgan GMP standartlari talablari va tegishli reglamentlar bilan yaqindan tanishildi. So‘ngra, Esco Lifesciences Group kompaniyasining hujayra texnologiyasi asosidagi biotexnologiya dori vositalarini GMP standarti talablariga muvofiq ishlab chiqarish va ularning sifati nazoratida qo‘llaniladigan texnologik, sinov va o‘lchov vositalari ko‘rib chiqildi.

Shu bilan bir qatorda, GENE OASIS PTE kompaniyasi tomonidan mutaxassislarimiz uchun hujayra terapiyasida qo‘llaniladigan innovatsion dori vositalarini yaratish va amaliyotga joriy etish jarayonlari bilan tanishish imkoni yaratildi.

Shuningdek, safar davomida O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida onkologik kasalliklarni davolashda hujayra terapiyasi sohasidagi ilg‘or yutuqlarni birgalikda o‘rganish, yangi davolash usullarini mamlakatimizda joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muloqotlar yakunida ilmiy, amaliy va tibbiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish hamda yangi istiqbollarni belgilashga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi.