“Darmon” axborot tizimida tadbirkorlar uchun yangi qulaylik yaratildi

17.02.2025 239

“Darmon” axborot tizimida tadbirkorlar uchun yangi qulaylik yaratildi


Farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, guvohnoma berish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, amal qilish muddatini uzaytirish hamda uni qayta rasmiylashtirish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan "Darmon" axborot tizimi ishlab chiqilgan.

Ushbu tizim tadbirkorlarning arizalarini ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, ayni kunlarda yangi funksiya bilan boyitildi.

Ilgari "Darmon" axborot tizimida farmatsevtika mahsulotlari hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish jarayoni barcha qo‘mitalar va laboratoriyalar tomonidan bir vaqtning o‘zida amalga oshirilishi shart edi. Bu esa ayrim noqulayliklarni keltirib chiqarib, laboratoriya tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun arizachilar qo‘mitalarning ekspertiza jarayonlari yakunlanishini kutishiga to‘g‘ri kelardi. Natijada, ekspertiza jarayoni cho‘zilib ketishi mumkin edi.

Tizimdagi yangi o‘zgarishlar esa ekspertiza jarayonini ikki asosiy bosqichga ajratdi: laboratoriya ekspertizasi va qo‘mitalar ekspertizasi.

Endi taqdim etilgan hujjatlar avval laboratoriyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar laboratoriya tomonidan kamchiliklar aniqlansa, arizachilar qo‘mitalar ekspertizasi natijalarini kutmasdan, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.