Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ISO 9001:2015 standarti bo‘yicha sifat menejmenti tizimi sertifikatlariga ega bo‘ldi

11.02.2025 319

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ISO 9001:2015 standarti bo‘yicha sifat menejmenti tizimi sertifikatlariga ega bo‘ldi



Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida bo‘lib o‘tgan bugungi tadbirda ushbu muassasaga ISO 9001:2015 xalqaro standartini joriy etganligi munosabati bilan O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Rossiya sertifikatlovchi organlarining sifat menejmenti tizimi sertifikatlari topshirildi.

Albatta, bu muvaffaqiyatga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q. Buning uchun, avvalo, markaz faoliyatiga sifat menejmenti tizimi xalqaro standartlar asosida tatbiq etildi.

Ichki jarayonlar takomillashtirilib, zamonaviy boshqaruv mexanizmlari joriy qilindi. Innovatsion yondashuv va texnologik yangilanishlar asosida tekshiruv hamda ekspertiza jarayonlari optimallashtirildi.

O‘z navbatida, markaz mutaxassislari mazkur standart bo‘yicha malaka oshirib, kvalifikatsiyasini yanada mustahkamladi.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farrux Sharipov ishtirok etgan tadbirda qayd etilganidek, ushbu natija O‘zbekiston farmatsevtika sektoridagi islohotlarning yana bir amaliy samarasi bo‘lib, markaz faoliyatini xalqaro andozalarga muvofiqlashtirish bo‘yicha muhim qadam hisoblanadi.

 Qolaversa, uning ishonchli hamkor sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlash barobarida, farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini kafolatlash hamda nazorat mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.