Hurmatli farmatsevtika sohasi xodimlari! Aziz hamkasblar!

31.12.2024 1516

Hurmatli farmatsevtika sohasi xodimlari! Aziz hamkasblar!


Avvalo, barchangizni kirib kelayotgan Yangi — 2025 yil bilan chin yurakdan qutlayman!
Tarixga aylanib borayotgan 2024 yilda yurtdoshlarimizni arzon va sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan to‘laqonli ta’minlanishini va dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikaning sifati, samaradorligi va ularning bezararligini ta’minlashga qaratilgan hamda xodimlar malakasini oshirish, markaz faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

Shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali xorijiy tajribani o‘rganish va amaliyotga joriy qilishga erishdik. Bugungi kunda qator xalqaro tashkilotlar va kompaniyalar bilan samarali aloqalar o‘rnatildi.

Xususan, Markazimiz Farmatsevtika mahsulotlariga qo‘yiladigan texnik talablarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha xalqaro kengash Assambleyasi (ICH) ning kuzatuvchisi bo‘lishi, Xalqaro farmatsevtika regulyatorlari dasturi (IPRP) va Global uyg‘unlashtirish ishchi guruhi (GHWP)ga a’zo bo‘lishi bu juda muhim va strategik qadam bo‘ldi.

Ta’kidlash joiz, erishilgan natijalar tashkilotimizning global standartlarga mos ishlashini ta’minlab, yurtimizda dori vositalarining sifatini va xavfsizligini oshirishga, shuningdek, mahalliy mahsulotlarimizni xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini yanada mustahkamlashga yordam beradi.

ICH, IPRP va GHWP kabi nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlik markazning xalqaro farmatsevtika sohasidagi mavqeini yanada mustahkamlashga, hamda mamlakatimizning farmatsevtika sohasidagi rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Dillarimiz pok va ezgu niyatlarga to‘lib turgan ushbu quvonchli lahzalarda yana bir bor barchangizni Yangi yil bayrami bilan chin dildan muborakbod etib, oilalaringizga tinchlik-totuvlik, o‘zingiz va yaqinlaringizga mustahkam sog‘lik hamda uzoq umr tilayman!

Yangi yilning qadami qutlug‘ kelsin!

Alisher Temirov,
Farmatsevtika mahsulotlari
xavfsizligi markazi direktori