«Novamed-2024» IV Butunrossiya Xalqaro forumi davom etmoqda

15.11.2024 887

«Novamed-2024» IV Butunrossiya Xalqaro forumi davom etmoqda

Moskva shahrida "Novamed-2024 — tibbiy buyumlar aylanmasi" IV Butunrossiya xalqaro forumi boʻlib oʻtmoqda. Rossiya Sogʻliqni saqlashni nazorat qilish federal xizmati tomonidan har yili tashkil qilinadigan ushbu nufuzli tadbirda dunyoning turli davlatlaridan yetakchi mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Bu yilgi anjumanda Turkiya, Braziliya, Xitoy, Janubiy Afrika, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Armaniston, Belarus Respublikasi, Qozogʻiston va Oʻzbekiston kabi davlatlardan tashrif buyurgan ekspertlar sogʻliqni saqlash sohasida zamonaviy yondashuvlarni muhokama qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida bir maydonda jam boʻlishgan.

Xabar berganimizdek, "Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" davlat muassasasi direktori Alisher Temirov boshchiligidagi delegatsiya ham mazkur forumda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, anjuman doirasida “Tibbiy buyumlar bozoridagi xalqaro munosabatlar: zamonaviy toʻsiqlar” mavzuidagi xalqaro sessiyada markaz direktori, Oʻzbekiston Respublikasida tartibga solish sohasidagi qonunchilik normalari, yurtimizda tibbiy buyum va tibbiy texnikalarning roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni va muddatlari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Shuningdek, sessiya davomida sogʻliqni saqlash sohasida yangi innovatsion yechimlarni tatbiq etish, xalqaro talab va standartlarga mos ravishda tibbiyot buyumlarining sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.