Oʻzbekiston farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Xalqaro farmatsevtika regulyatorlari dasturiga (IPRP) aʼzo boʻldi
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro hamkorlik yoʻlida muhim bosqichga erishdi: Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi "Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" davlat muassasasi Xalqaro farmatsevtika regulyatorlari dasturi (IPRP) aʼzoligiga rasman qabul qilindi. Bu yutuq Oʻzbekistonning farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi va sifati boʻyicha global standartlarni mustahkamlashga boʻlgan intilishini koʻrsatadi.
IPRPʻga aʼzolik Oʻzbekistonga dunyoning yetakchi regulyatorlari, jumladan, FDA (AQSH), EMA (Yevropa Ittifoqi), PMDA (Yaponiya), MHRA (Buyuk Britaniya), Health Canada (Kanada), ANVISA (Braziliya) va 30 dan ortiq mamlakatlarning boshqa agentliklari bilan hamkorlik qilish va tajriba almashish uchun noyob imkoniyat yaratadi. IRPR, shuningdek, dori vositalarining xavfsizligi, samaradorligi va sifatiga qoʻyiladigan talablarni uygʻunlashtirish orqali mintaqaviy va xalqaro tashkilotlarni birlashtiradi.
Yaqinda Monrealda boʻlib oʻtgan IRPR boshqaruv qoʻmitasining yigʻilishida Markaz direktori Alisher Temirov Oʻzbekistonning farmatsevtik tartibga solish sohasidagi yutuqlarini taqdim etdi va ijobiy baholarga sazovor boʻldi. Muhokamalar natijasida Oʻzbekistonga toʻlaqonli aʼzo maqomini berish toʻgʻrisida bir ovozdan qaror qabul qilindi.
IRPRʻga aʼzolik Oʻzbekistonga nafaqat ilgʻor tajribalarni oʻzlashtirish, balki farmatsevtikada global oʻzaro bogʻliqlik kuchayib borayotgan sharoitda, ayniqsa, farmatsevtikani tartibga solish boʻyicha yagona yondashuvlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etish imkonini beradi.
Bu qadam milliy standartlarni xalqaro talablar bilan uygʻunlashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati jahon maydonidagi oʻrnini yanada mustahkamlash uchun yangi istiqbollar ochadi.