Oʻzbekiston va Hindiston farmatsevtika sohasida sifat va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha hamkorlik qiladi

17.10.2024 46

Oʻzbekiston va Hindiston farmatsevtika sohasida sifat va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha hamkorlik qiladi

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov boshchiligidagi delegatsiya Hindiston dori vositalari standartlarini nazorat qilish markaziy tashkiloti masʼullari bilan uchrashdi.

Xalqaro konferensiya  doirasida kechgan uchrashuvda vakillarimiz Hindiston regulyator organi dori vositalarini nazorat qilish boʻyicha qoʻshma nazoratchisi doktor Ranga Chandrashekar bilan dori vositalari xavfsizligini taʼminlash borasida keng qamrovli muzokaralar olib bordi.

Uchrashuv davomida qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Jumladan, farmakonazorat tizimini rivojlantirish, farmatsevtika mahsulotlarining nojoʻya taʼsirlarini kamaytirish va potensial xatarlarni oldini olish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Mazkur yoʻnalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish orqali xalq salomatligini taʼminlash muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, markaz direktori Alisher Temirov Oʻzbekiston farmbozoriga sifatsiz va soxta dori vositalarining kirib kelishini oldini olish uchun samarali mexanizmlar ishlab chiqish muhimligi, bu borada aniq choralar belgilab olish va reglament hujjatlarining haqiqiyligini tekshirishda yaqin hamkorlik qilish zarurligini alohida taʼkidladi.

Hindiston tomoni sifat nazoratidan oʻtmagan farmatsevtika mahsulotlarini Oʻzbekiston bozoriga kirib borishiga yoʻl qoʻymaslik uchun oʻzining ichki nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish va Markaz bilan hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida yuqorida qayd etilgan yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzolashga kelishib olindi.