JSST: Olti oyda qariyb 250 ming kishida vabo kasalligi aniqlandi

22.07.2024 1623

JSST: Olti oyda qariyb 250 ming kishida vabo kasalligi aniqlandi


 Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisobotida dunyo bo‘ylab vabo kasalligi tarqalish xavfi juda yuqori, deb baholandi. Xo‘sh, bunga qanday asos bor?

 Gap shundaki, joriy yilning birgina iyun oyida 18 mamlakatda yashovchi 40,5 ming nafardan ko‘proq bemorda ushbu xastalik aniqlandi. Ularning 166 nafari epidemiya oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. 

 Aksariyat vabo o‘choqlari, yaʼni 32,5 mingga yaqin yangi kasallanish holatlari Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqasi mamlakatlarida ro‘yxatga olingan. Afg‘onistonda qariyb 18,7 ming, Yamanda 6,6 mindan ortiq, Pokistonda esa 5200 dan ziyod kishi ushbu infeksiyani yuqtirgan.

 “JSST dunyo bo‘ylab epidemiyalar soni ortishi va ularning tarqalish ko‘lami kengayishi, shuningdek, vaksinalar va boshqa resurslar taqchilligini hisobga olib, global darajadagi xavfni juda yuqori, deb baholashda davom etmoqda”, — deyiladi hisobotda. 

Chindan ham, hozir qator davlatlarda vaboga qarshi emlash vositalari yetishmovchiligi kuzatilyapti. Masalan, o‘tgan yil yanvar oyidan buyon 17 ta mamlakat 102 million doza vaksina so‘ragan bo‘lsa, ishlab chiqarish miqdori 51 million dozani tashkil etdi. Bugun esa zaxiradagi 7,5 million doza emlash vositasi qolgan, xolos. 

‼️ Umuman, joriy yil yanvar-iyun oylarida dunyoning 25 ta davlatida 250 ming nafarga yaqin kishi vabo bilan kasallangan va ulardan 2 137 nafari vafot etgan. 

Farmatsevtika mahsulotlari 
xavfsizligi markazi Matbuot xizmati