“Tavakkul Pharm” MCHJga tegishli dorixona litsenziyasi bekor qilindi

05.04.2024 1138

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Uchqahramon koʻchasida joylashgan “Tavakkul Pharm” MCHJga tegishli dorixona noqonuniy dori vositalari bilan savdo amalga oshirilayotganligi, yaroqlilik muddati oʻtgan, muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlmagan dori vositalari sotib kelinayotganligi yuzasidan fuqaro tomonidan murojaat kelib tushdi.

Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan ushbu murojaat yuzasidan tekshiruv oʻtkazilganda, tahlillar natijasiga koʻra, 11 turdagi dori vositasi Davlat roʻyxatidan oʻtmaganligi hamda 16 turdagi dori vositasiga muvofiqlik sertifikati mavjud emasligi aniqlandi.

Yuqoridagi holatlar boʻyicha, “Tavakkul Pharm” MCHJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun, 2019 yil 10-oktyabrda berilgan 1535-sonli litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi. Hamda “Tavakkul Pharm” MCHJga berilgan litsenziya bekor qilindi.

Amaldagi qonunchilik xujjatlariga muvofiq, mazkur dorixona litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va qonun buzilishlariga bevosita aloqador xodimlar (provizorlar, farmatsevtlar) ning yagona reyestriga kiritlganligini ma'lum qilamiz.

M'alumot uchun, Litsenziyalovchi organ qonun hujjatlari talablari buzilganligi, shu jumladan dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxini belgilash tartibi qo‘pol ravishda buzilganligi oqibatida litsenziyaning amal qilishi to‘xtatilgan dorixona, dorixona filialining manzillari reyestri va xodimlar reyestriga kiritilgan maʼlumotlar ular kiritilgan vaqtdan eʼtiboran uch yil muddat davomida saqlanadi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati