“Антиструмін-Дарниця” dori vositasidan bolalar nobud bo‘lgani mutlaqo asossiz

06.02.2024 1000

“Антиструмін-Дарниця” dori vositasidan bolalar nobud bo‘lgani mutlaqo asossiz! 

 

Telegramda Ukraina kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Антиструмін-Дарниця” preparati surati ilova qilingan xabarda, mazkur dori vositasidan yurtimizda bolalar nobud bo‘lganligi hamda ushbu preparatni qo‘llamaslik to‘g‘risida nomaʼlum ayol kishiga tegishli audio tarqalmoqda.

"Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" davlat muassasasi holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

Xabaringiz bor, mamlakatimizda dori vositasi tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishi uchun qonunchilikka muvofiq, qoida tariqasida dastlab davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi zarur.

Mazkur jarayonda dori vositasining tegishli hujjatlari o‘rganilib, markaz laboratoriyalari tomonidan uning sifati, xavfsizligi va samaradorligi tasdiqlangandan so‘ngina, ijobiy xulosalar asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Shu bilan birga ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositasining har bir seriyasi sertifikatlashtirish jarayonidan o‘tib, har bir seriya mahsulotga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtiriladi.

Maʼlumot uchun, audioxabarga surati ilova qilingan Ukraina kompaniyasiga tegishli “Антиструмін-Дарниця” dori vositasi mamlakatimizda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bo‘lib, tibbiyot amaliyotida qo‘llanishiga ruxsat etilmagan.

Shu o‘rinda, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi telegramda tarqalayotgan audio yuzasidan yurtoshlarimiz xavotirga tushmasliklarini, xabarda aytilayotgan maʼlumotlar xaqiqatga mutlaqo zid ekanligini maʼlum qiladi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati