Bayram arafasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasining yakuniy 3-jildi nashr etildi

28.12.2023 1177

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga binoan, “Davlat farmakopeyasi dori vositalariga va tibbiy buyumlarga doir talablarni, umumiy farmakopeya maqolalarini, farmakopeya maqolalarini, dori vositalari va tibbiy buyumlarning sifatini nazorat qilishni o‘z ichiga olgan hujjatlar to‘plami bo‘lgan rasmiy nashridir”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi tegishli Farmoniga binoan Davlat farmakopeyasini xalqaro miqyosida eʼtirof etilgan farmakopeyalar bilan uyg‘unlashgan holda ishlab chiqish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirila borib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini, Yevropa farmakopeyasi matnlari bilan uyg‘unlashtirilgan holda ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bergan maʼlumotlarga ko‘ra, bugungi kunda jami 200 dan ortiq mamlakatlardan atigi 30 ga yaqinidagina o‘zlarining hududiy yoki milliy farmakopeyalariga ega.

Farmatsevtika sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan keng mutaxassislar jamoasiga taqdim etilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi birinchi nashrining uchinchi jildi ikki qismdan iborat bo‘lib, u avvalgi yillarda nashr etilgan birinchi (2020-y.) va ikkinchi (2021-y.) jildlarining mantiqiy davomidir.

Alohida ta'kidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi va farmakopeya organi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining “Jahon farmakopeyalari va farmakopeya organlarining indeksiga («The Index of World Pharmacopoeias and Pharmacopoeial Authorities by World Health Organization»)” kiritilgan bo'lib, Davlat farmakopeyasining asosiy maqsadi – aholini yuqori sifatli, samarali va bezarar dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlashga xalqaro standartlarni joriy etishga qaratilgandir va bu nashr ham kelgusida vatanimiz farmatsevtika sohasini rivojlanishida munosib o‘rin tutadi deb ishonamiz.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati