❗️Rasmiy munosabat

11.12.2023 1244

2023-yil 7-dekabr Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining “Sifatsiz (ifloslangan) siroplar va suspenziyali dori vositalari” to’g'risida № 8/2023 sonli ogohlantirishi e’lon qilindi.

Unda, Shimoliy va Janubiy Amerika, Sharqiy O'rta yer dengizi, Janubiy-Sharqiy Osiyo va G'arbiy Tinch okeani mintaqalarida Pokistonning Pharmix Laboratories (Pvt.) Ltd. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ALERGO siropi, EMIDONE suspenziyasi, MUCORID siropi, ULCOFIN suspenziyasi va ZINCELL siropi mahsulotlari tarkibida toksinlar borligi qayd etilgan.

Shuningdek xabarda, Dori vositalarini tartibga solish organi (DRAP – Pokiston) tomonidan ehtiyot chorasi sifatida Pharmix Laboratories’ga barcha og‘iz orqali yuboriladigan suyuq dori vositalarini ishlab chiqarishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berilganligi hamda sifatsizligi tasdiqlangan besh xil sirop mahsulotini qaytarib olish to‘g‘risida ogohlantirilganligi ma’lum qilingan. 

"Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" davlat muassasasi, tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklarini bildirib, Pharmix Laboratories (Pvt.) Ltd. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur dori vositalari mamlakatimizda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligini ma’lum qiladi.

❗️Eslatib o'tamiz, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin ruxsat etiladi.

Ta’kidlash lozimki, 2023 yil fevral oyidan boshlab, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan va mamlakatimizga kirib kelayotgan sirop shakldagi dori vositalari tarkibi dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari bo‘yicha chuqur tekshirilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bu borada qat’iy nazorat o‘rnatilganligini eslatib o‘tamiz.

Farmatsevtika mahsulotlari 
xavfsizligi markazi Matbuot xizmati