Turli dori vositalarini birga qoʻshib ichish mumkinmasmi?

07.12.2023 1530

Soʻngi paytlarda shamollashga qarshi ayrim dori vositalarini qoʻshib ichish mumkinmasligi, bu ogʻir oqibatlarga olib kelishi borasida ijtimoiy tarmoqlarda turli videolar tarqalmoqda. Mazkur masalaga aniqlik kiritish va dori vositalarini toʻgʻri qoʻllash boʻyicha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, Farmokologik nazorat boʻlimi boshligʻi Elvira Svechnikovaga murojaat qildik.

— Hozirda OʻRVI, GRIPP bilan bogʻliq mavsumiy kasalliklar koʻp uchrayotgan davrda albatta dori vositalariga ehtiyoj ortishi tabiiy, – deydi Elvira Svechnikova. — Lekin har bir dori vositasini qabul qilishda albatta shifokor bilan maslahatlashish, uning koʻrsatmalariga amal qilish talab etiladi. Bunda mutaxassis bemorga tayinlayotgan dori vositasini necha yoshdan boshlab, qaysi holatlarda: ovqatdan oldin yoki keyin, och yoki toʻq qoringa, qaysi dori vositalari bilan birgalikda ichish mumkin yoki mumkinmasligi toʻgʻrisida malumot beradi.

Eʼtibor berish lozim, shunday dori vositalari borki, ularni boshqa preparatlar bilan birga qabul qilganda bir birini tasirini kuchaytirishi yoki samaradorligini pasaytirishi hamda biri ikkinchisining toksikligini oshirishi mumkin. Shuning uchun ham dori vositalarini qabul qilishda albatta shifokorga murojaat qilish lozim.

Bundan tashqari, mutxassis buyurgan har qanday turdagi (retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan) dori vositasini qabul qilishdan avval, bemor uni qoʻllash yoʻriqnomasi bilan tanishib chiqishi, agar undagi koʻrsatmalar boʻyicha savol tugʻilsa, farmatsevt yoki shifokorga murojaat etishi kerak. 

Taʼkidlash joiz, yurtdoshlarimiz tibbiy savodxonligini oshirishda media sohasinining, xususan, OAV, jurnalist va blogerlarning oʻz oʻrni bor. Lekin berilayotgan maʼlumotlar bevosita inson salomatligi bilan bogʻliq boʻlganligi bois, oʻrganilmasdan, shuningdek, mutaxassislar xulosasi bilan asoslantirilmasa, aholi orasida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu oʻrinda tibbiy yoki farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarning dori vositarinini qoʻllash yoki davolanish borasida oʻzboshimchalik bilan tavsiya, xulosa bermasligini taʼkidlagan holda dori vositalarini qabul qilishda albatta shifokor koʻrsatmasiga amal qilishlarini soʻrab qolamiz.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati