Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarining vakolatxonalari assosiatsiyasi o’rtasida o’zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Markaz direktori Agzam Nartayev va Assosiatsiyasi rahbari Muhabbat Аsqarоvа tomonidan imzolangan mazkur memorandum ikki tashkilot o’rtasida qator hamkorlik yo’nalishlarini belgilaydi. Jumladan:
- Qo'shma loyihalarni ilgari surish va amalga oshirishda ko'maklashish;
- Sohaga daxldor ochiq axborotlarni taqdim etish va almashish;
- Faoliyat sohasiga oid qonun hujjatlarini ishlab chiqishda belgilangan tartibda ishtirok etish, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasidagi muammolarga doir takliflarni tegishli qonun hujjatlariga kiritish, turli davlat loyihalari va dasturlarida ishtirok etish;
- Farmatsevtika mahsulotlari harakatini monitoring qilish va hisobga olish axborot tizimini joriy etishda ishtirok etish, respublika hududiga olib kirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar to‘planishini ta’minlash;
- Ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni sohaga joriy etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hamda shu kabi boshqa kelushuvlarni nazarda tutadi.
Eslatib o'tamiz, mazkur assosiatsiya O‘zbekiston farmbozorida faol ish olib borayotgan tashkilot hisoblanib, uning asosiy maqsadi mamlakatda halol farmatsevtika bozorini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va farmatsevtika sohasida o'rnatilgan me’yorlarga rioya etilishini nazorat qilishga ko'maklashishdan iboratdir.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati