Agzam Nartayev Xitoy delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi

30.11.2023 1395

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasida, markaz direktori Agzam Nartayev va Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd. kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Ma'lumot uchun, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd. kompaniyasi biologik mahsulotlarni tadqiq qilish, ishlab chiqarish va realizatsiya qilish faoliyatini o’zida birlashtirgan yuqori texnologiyali biofarmatsevtik korxona bo'lib, u asosan biologik mahsulotlar (immunitet preparatlari, vaksinalar, genetik rekombinatsiya mahsulotlari) ishlab chiqarish bilan shug'ullanadi.

 

Xabaringiz bor koronavirus pandemiyasi davrida, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd. kompaniyasi Covid-19’ga qarshi vaksinani yaratishda O‘zbekistonning hissasi va sa'y-harakatlarini inobatga olib, ZF 2001 vaksinani birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida tan olgan edi. Hamda ushbu yangi vaksinani "ZF-UZ-VAC2001" nomi bilan birgalikda ishlab chiqarish va foydalanishga kelishilgandi.

Markazda bo’lib o’tgan uchrashuvda Agzam Nartayev yuqoridagi yutuqlar haqida gapirar ekan, avvalo covid-19’ga qarshi kurashishda mamlakatlarimiz o’rtasidagi hamkorlikni alohida e’tirof etdi.

 

Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd. ijrochi direktori Tao Lifeng O’zbekiston va Xitoy o’rtasida sohadagi hamkorlik yo’lida bir qancha ishlar bajarilgani, “ZF-UzVac-2001” vaksinasi rivojlanish platformasi namunasida kompaniyaning boshqa mahsulotlarini ham tibbiyot amaliyotiga tadbiq etish lozimligini ta’kidladi. Hamda korxonaning yangi mahsulotlari haqida ma’lumot berdi.

 

Markaz mutaxassislari sil kasalligi diagnostikasi, uni oldini olish hamda mazkur kasallikni davolashda qo’llaniladigan ushbu dori vositalarining sifati nazorati va ishlab chiqarish jarayonlari haqida qiziqdi. Shuningdek, mutaxassislarimiz Xitoy kompaniyasi vakillarining yurtimizda dori vositalarni ro’yxatdan oʻtkazish, klinik sinovlar va “GMP” inspeksiyalar toʻgʻrisidagi savollarga javob berishdi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati