Butun jahon Sogʼliqni saqlash tashkiloti Birlashgan Аrab Аmirliklari (2022 yil noyabrь) va Qirgʼizistonda (2023 yil mart) muomalada boʼlganligi aniqlangan “Defitelio” (natriy defibrotid) dori preparatining qalbakilashtirilgan seriyalaridan ogoh boʼlishga chaqirdi. “Gentium Srl” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur dori vositasi haqida JSST 2023 yil 11 apreldagi 3/2023-sonli ogohlantirish axborotida maʼlum qilgan.
“Defitelio” preparatini ishlab chiqaruvchi kompaniyaning tushuntirishi boʼyicha oʼramda qalbaki preparatning quyidagi belgisi qayd etilgan: “АQShda ishlab chiqarilgan namuna qadoqlarida seriya raqami 19G19A/yaroqlilik 01/2025 koʼrsatilgan; ayni paytda flakonda esa qalbaki boshqa seriya raqami (M06B466E) aks ettirilgan.
Maʼlumot uchun, defibrotid – trombozga qarshi vosita boʼlib, gematopoetik oʼzak hujayralar transplantatsiyasi oʼtkazilayotgan kattalar va bolalarda venookklyuziv kasalliklarning ogʼir shakllarida qoʼllaniladi.
Shu oʼrinda Sogʼliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” “Defitelio” (natriya defibrotid) dori preparati boʼyicha tegishli oʼrganish ishlari olib borilganligini va bu borada yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklari hamda mazkur axborotni notoʼgʼri talqin qilmasliklarini soʼraydi.
“Defitelio” dori vositasi Oʼzbekiston Respublikasida davlat roʼyxatidan oʼtkazilmagan boʼlib, sogʼliqni saqlash tashkilotlari mutaxassislari (gematologlar, onkologlar, farmatsevtlar) “Gentium Srl.” tomonidan ishlab chiqarilgan “Defitelio” (natriy defibrotid) qalbakilashtirilgan dori preparatining M06B466E seriyasini qoʼllamasligi talab etiladi. Sababi, mazkur qalbakilashtirgan preparat yurtimizga noqonuniy yoʼllar bilan kirib kelgan boʼlishi mumkin.
Eslatib oʼtamiz, "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʼgʼrisida"gi Qonunining 23-moddasiga muvofiq, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʼzbekiston Respublikasida roʼyxatdan oʼtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek Oʼzbekiston Respublikasida roʼyxatdan oʼtkazilgan dori vositalarining gʼayri qonuniy nusxalarini realizatsiya qilish maqsadida saqlash, tashish taqiqlanadi.
Hurmatli yurtdoshlar! Agar sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari aylanmasi bilan bogʼliq noqonuniy harakatlarga duch kelsangiz, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining (71) 233-1007 “Ishonch telefoni”ga murojaat qilishingizni soʼraymiz.
Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi axborot xizmati