“Гвайфеназин" siropi yurtimizda davlat roʼyxatidan oʼtkazilmagan

04.05.2023 3569

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti Hindistonning “QP PHARMACHEM LTD” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan  "Гвайфенезин" siropining (GUAIFENESIN SYRUP TG SYRUP) sifatsiz seriyasi boʼyicha ogohlantirish eʼlon qildi.

Screenshot: Who
Maʼlum qilinishicha, “Гвайфенезин” siropining sifatsiz partiyasi Marshall orollari va Mikroneziya (Federativ Shtatlari) hududida aniqlangan. Аvstraliyaning Tibbiy buyumlar nazorati boshqarmasi laboratoriyasida oʼtkazilgan tahlillar natijasiga koʼra, “GUAIFENESIN SYRUP TG SYRUP” preparti tarkibida mumkin boʼlmagan miqdorda dietilenglikol va etilenglikol yot aralashmalari borligi qayd etilgan.

Maʼlumot uchun, “Гвайфенезин” preparati balgʼam koʼchiruvchi vosita boʼlib, uning nafas yoʼllaridan chiqarib yuborilishini yengillashtirish va yoʼtalni kamaytirish uchun qoʼllaniladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, JSST suyuq dori shakllarini, xususan, siroplarni ishlab chiqaruvchilar propilenglikol, polietilenglikol, sorbit va/yoki glitserin kabi yordamchi moddalarni oʼz ichiga olgan tegishli preparatlarni ishlab chiqarishdan oldin ushbu yordamchi moddalarning tarkibida etilenglikol va dietilenglikol aralashmalari mavjudligini tekshirishni tavsiya etmoqda.

Sogʼliqni saqlash vazirligi huzridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” JSSTning 4/2023-sonli xabarnomasida eʼlon qilingan mazkur “Gvayfenazin” siropi (GUAIFENESIN SYRUP TG SYRUP) va uni ishlab chiqaruvchi “QP PHARMACHEM LTD” kompaniyasining boshqa dori preparatlari Oʼzbekiston Respublikasida davlat roʼyxatidan oʼtkazilmaganligini hamda yurtdoshlarimiz bu borada xavotirga tushmasliklarini bildiradi.

Hozirgi kunda dunyoda sirop bilan bogʼliq dietilenglikol va etilenglikol kontaminatsiyasi holatida yuzaga kelayotgan salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimiz hududiga kirib kelayotgan dori preparatlarining sifat nazorati yanada kuchaytirilgan. 

Hurmatli yurtdoshlar! 

Dori vositalarini qoʼllash chogʼida nojoʼya reaktsiyalar aniqlanganda zudlik bilan Sogʼliqni saqlash vazirligining “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi”ga murojaat qiling.

Quyidagi havolada koʼrsatilgan shakldagi xabarnomani farmakonadzor@ssv.uz elektron pochtasiga yoki 100002, Toshkent sh., Ozod koʼchasi, K. Umarov tor koʼchasi, 16-uy manziliga joʼnating.