Dori vositalarini markirovkalash uchun 2022 yilda 125 247 859 ta raqamli markirovka kodlari taqdim etildi

10.02.2023 1534

Aziz Abdumalikov, Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi mutaxassisi:

Bugungi kunda TIF TN kodi pozitsiyasiga muvofiq, raqamli markirovkalanish tizimiga o‘tishi lozim bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqaruvchi 59 ta mahalliy korxona yurtimizda faoliyat yuritmoqda.

✅ Ulardan 53 tasida markirovkalash tizimini joriy etishda zurur bo‘lgan uskuna va dasturiy mahsulotlar sotib olish yuzasidan shartnomalar tuzilgan bo‘lib, shundan 48 tasida dori vositalari raqamli markirovkalangan holda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, yana 5 korxonada uskuna va dasturiy mahsulotlar yetkazib berilishi va korxonalarning ishlab chiqarish liniyalariga o‘rnatilishi bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Qolgan 6 ta mahalliy korxona ham o‘z faoliyatida mazkur tizimni joriy qilish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.

Maʼlumot uchun, tizim operatori “CRPT TURON” MCHJ tomonidan 2022 yilning 1 aprelidan 31 dekabr sanasiga qadar, xorijiy korxonalarga 37 977 367 ta, mahalliy korxonalar hamda Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarining yurtimizdagi vakolatxonalariga 87 270 492 ta jami, 125 247 859 ta raqamli markirovka kodlari taqdim etilgan bo‘lib, endi istemolchilar dori vositasini xarid qilishda “ASL Belgisi” mobil ilovasi orqali markirovka kodini skanerlab xarid qilinayotgan mahsulot haqida batafsil maʼlumotga ega bo‘lishadi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab yurtimizda dori vositalarini majburiy raqamli markirovkalash boshlangan bo‘lib, jarayon 2022–2025 yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika
ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi axborot xizmati