Dori vositalarining referent narxi haqida eshitganmisiz?

08.02.2023 4795

— Rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan dori vositalari narxni shakllantirishning shaffof va samarali mexanizmlarini joriy etish, ularning narxlari chegaradosh mamlakatlarga nisbatan yurtimizda asossiz o‘sishini oldini olish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 dekabrdagi PQ-4554-son qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 iyuldan boshlab mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etildi.

Referent narx shakllantirish tizimi qanday tizim?

— Referent narx shakllantirish tizimi — dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda ayni bir ishlab chiqaruvchining huddi shunday faol moddaga ega dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mamlakatda, referent mamlakatlarda va O‘zbekiston Respublikasida sotish narxlarini tahlil qilish natijasi asosida har bir savdo nomi uchun cheklangan narxlarni qayd etish tizimi tushuniladi.

Dori vositasining cheklangan narxlari deganda nima tushuniladi?

— Dori vositalarining cheklangan narxlari — dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositalarining har bir savdo nomi uchun referent narx shakllantirish tizimi doirasida qayd etiladigan va qayd etilgan qiymatdan yuqori narxlarda O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berish (import dori vositalari uchun) va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilishi (mahalliy dori vositalari uchun) mumkin bo‘lmagan narx tushuniladi.

Qanday mamlakatlar referent mamlakatlar hisoblanadi?

— Jahon bankining aholi jon boshiga nisbatan yalpi ichki mahsulotning hisoblangan daromadlar darajasidan yuqori, o‘rtachadan yuqoriroq va o‘rtachadan pastroq bo‘lgan davlatlar guruhiga kiruvchi O‘zbekiston Respublikasi bilan makroiqtisodiy jihatdan taqqoslanadigan mamlakatlar - referent mamlakatlar hisoblanadi.

Bizda qaysi referent mamlakatlar tanlangan?

— Sog‘liqni saqlash vazirining 2020 yil 24 martdagi 115-sonli (ro‘yxat raqami 3242, 11.09.2020) buyrug‘i bilan tasdiqlangan nizomga asosan qo‘yidagi mamlakatlar referent mamlakatlar sifatida tanlab olingan:

▪️ Vengriya
▪️ Rossiya Federatsiyasi
▪️ Ukraina
▪️ Polsha Respublikasi
▪️ Tojikiston Respublikasi
▪️ Sloveniya Respublikasi
▪️ Qozog‘iston Respublikasi
▪️ Bolgariya Respublikasi
▪️ Belarus Respublikasi
▪️ Qirg‘iziston Respublikasi

Ravshan Hamidov,
Referent narx shakllantirish tizimi doirasida
dori vositalariga cheklangan narxlarni qayd etish bo‘limi boshlig‘i


Eslatma: Referent narx shakllantirish tizimi doirasida qayd etilgan dori vositalarining narxlari bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.

Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi
va standartlashtirish Davlat markazi Axborot xizmati