Qalbaki dori vositalarini qanday farqlash mumkin?

01.02.2023 2164

O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 4 yanvardagi "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi qonuni 3-moddasida:

“Qalbakilashtirilgan dori vositasi va tibbiy buyum —  tarkibi yoki xususiyati to‘g‘risida yoxud ishlab chiqaruvchisi haqida yolg‘on axborot ilova qilingan dori vositasi va tibbiy buyum” deb taʼrif berilgan.

Qalbakilashtirish ham tovar nomiga (savdo nomi), ham jenerik dori vositalariga tegishli bo‘lishi mumkin. Bunda, tarkibida tegishli yoki tegishli bo‘lmagan ingrediyentlar kiritilgan, faol moddalar bo‘lmagan yoki yetarli bo‘lmagan hamda sohta qadoqlangan mahsulotlarni kuzatishimiz mumkin. Ularni esa laboratoriya tahlil natijalari bo‘yicha sifatli yoki sifatsizligi aniqlanadi va tegishli hulosa beriladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, dori vositasini xarid qilayotganda quyidagilarga eʼtibor berishimiz kerak:

Narx – qalbaki dori vositalari dorixonalarda original dori narxiga nisbatan arzon bo‘ladi. 
Mahsulot qadog‘i – undagi harflar va raqamlar noaniq, tasvirlar xira va karton qutining o‘zi yupqa va shaklini yaxshi ushlamaydi. 
Seriya, raqam, shtrix-kod, ishlab chiqarish sanasi tushunib bo‘lmaydigan darajada noaniq bo‘ladi.
Qo‘llash yo‘riqnoma varag‘i bosmaxonada bosilmagan, xuddi nusxalanganga o‘xshaydi. Qadoqdagi va dorining o‘z qolipidagi ishlab chiqarilgan sana va saqlash muddatlari bir biriga mos kelmasligi mumkin.

Xarid qilayotgan dori vositasida yuqorida sanab o‘tilgan belgilar sizni shubhalantirsa, dorixona tomonidan mazkur dori vositasiga tegishli muvofiqlik sertifikatini so‘rang. Agarda bunday sertifikat mavjud bo‘lmasa ushbu holat yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat qilishingiz mumkin.

Shoira Nazarova,
Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi bo‘lim boshlig‘i


Davlat markazi Axborot xizmati