Xabaringiz bor, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, olib kirish va aylanmasini hisobga olish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish hamda qonuniy aylanishini taʼminlash, shuningdek, ushbu mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingan.
Qarorga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi 2022–2025 yillar davomida bosqichma-bosqich joriy qilinishi belgilangan. Hozirda yurtimizda ishlab chiqariladigan mahalliy dori vositalarining 85% raqamli markirovkalangan holda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Kuni kecha, Xorazm viloyatida joylashgan “Jayxun Invest” MCHJ hududda birinchilardan bo‘lib markirovkalash uskunasini o‘rnatdi va ishlab chiqarishda mazkur tizimni joriy qildi.
Maʼlumot uchun “Jayxun Invest” MCHJ tabletka, kapsula va sashe ko‘rinishidagi dori vositalarini ishlab chiqaradi. Kompaniya shuningdek, bir martalik shpris va infuzion sistemalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida ayni kunlarda qiymati 12 mlrd.so‘mlik loyihani amalga oshirishni boshlab yuborgan.
Davlat markazi Axborot xizmati