Farmatsevtik laboratoriyalar texnik mutaxassislari uchun seminar o‘tkazildi

18.10.2022 2091

Joriy yilning 18 oktyabr sanasida “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” DUKda “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida muomalada bo‘lgan mahsulotlar xavfsizligini taʼminlashning dolzarb masalalari. YEOII, Yevropa Ittifoqi va Amerika farmakopeyasining texnik reglamentlariga muvofiq uskunadan foydalanish bo‘yicha amaliy tajriba” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bozorida yuqori sifatli analitik va laboratoriya uskunalarini yetkazib beruvchi yetakchi kompaniyalardan biri “Fortek” xususiy korxonasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan ushbu seminarda Klinik tibbiyotda analitik uskunalarni qo‘llash bo‘yicha yetakchi mutaxassis Dmitriy Farmakovskiy maʼruzachi sifatida ishtirok etib, “Shimadzu” xromatografiya uskunasini farmatsevtikada foydalanish yuzasidan maʼruza qildi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida muomalada bo‘ladigan mahsulotlar xavfsizligini taʼminlashning dolzarb masalalari bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan mazkur seminarda O‘zbekiston farmatsevtika sanoatidagi laboratoriyalarda faoliyat olib boruvchi texnik mutaxassislar, Davlat markazining Sinov markazi laboratoriyalari hamda Dori vositalarini standartlash ilmiy markazi (DVSIM) vakillari ishtirok etishdi.

Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birgalikda, YEOII, Yevropa Ittifoqi va Amerika farmakopeyasining texnik reglamentlariga muvofiq uskunadan foydalanishning amaliy tajribasi bilan yaqindan tanishishdi.

Davlat markazi Axborot xizmati