O‘zbekistonliklar silga qarshi yangi dori vositalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi

09.10.2022 2243

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (Uzpharmagency) bilan hamkorlikda o‘tgan bir yarim yil davomida tuberkulyoz kasalligini davolash uchun oltita dori vositasini jadal ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashdi.

USAIDning texnik yordami bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi JSSTning dori vositalarini tezlashtirilgan ro‘yxatga olish tartibini qabul qildi, bu yurtimizda ushbu kasallik bilan og‘rigan bemorlar uchun yangi dori-darmonlardan tez va xavfsiz foydalanishni taʼminlaydi.

2021 yilda USAIDning keng ko‘lamli texnik yordami natijasida tuberkulyozni davolash uchun JSST dastlabki kvalifikatsiyasidan o‘tgan ikki dori – sikloserin va protionamid O‘zbekistonda CRP orqali ro‘yxatdan o‘tgan birinchi dorilar bo‘ldi.

Mamlakatda ko‘p dorilarga chidamli tuberkulyoz bilan kasallanish darajasi ko‘rsatkichi dunyoda eng yuqori o‘rinlardan biri sanalgani sababli ushbu ikki preparatning ro‘yxatdan o‘tishi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Sikloserin va protionamid tuberkulyozni davolash uchun ikkinchi qator dorilari sarasiga kirib, silga qarshi standart dorilar natija bermaydigan bemorlarda qo‘llaniladi.

2022 yilda yana to‘rtta tuberkulyozga qarshi dori ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bular rifampitsin, izonazid, pirazinamid va etambutol gidroxlorididir. Hozirda silga qarshi JSSTning dastlabki kvalifikatsiyasidan o‘tgan yana yettita dori ro‘yxatdan o‘tish jarayonida.

Bular ko‘p komponentli Rifampin va Izonazid 150 mg /75 mg, Rifampin va Izonazid suvda eruvchan tabletka shakli 75 mg/50 mg, Izonazid, Rifampin, Rifampitsin. Izoniazid. Pirazinamid va etambutol gidroxlorid USP 150mg/75mg/400mg/275 mg va etambutol BP 400 mg.

«USAID O‘zbekiston hukumatining tuberkulyozga qarshi kurash borasidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashidan faxrlanadi. O‘zbekistonda silga qarshi dorilarni_ ro‘yxatga olishni tezlashtirish sog‘liqni saqlash tizimining boshqa sohalariga ham foyda keltiradi va xavfsiz va samarali dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi», – dedi USAIDning O‘zbekistondagi Sog‘liqni saqlash idorasi direktori Cherri Gumapas".

JSSTning dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi mamlakatda JSST maʼqullagan mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni tezlashtiradi va bemorlar va shifokorlarning kafolatlangan sifatli dori-darmonlarni qo‘llashini tezlashtiradi. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tgan dorilar, ro‘yxatdan o‘tmagan farmatsevtika preparatlaridan farqli ravishda 15 foiz QQSdan ozod etiladi.

Davlat markazi Axborot xizmati