19 turdagi 117923 o‘ram farmatsevtika mahsulotlariga muvofiqlik sertifikati berilishi rad etildi

26.09.2022 3997

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi»ning Tibbiy mahsulotlarni sertifikatlashtirish markaziy organi joriy yilning iyul-avgust oylarida sertifikatlashtirish jarayonida nomuvofiqligi aniqlangan farmatsevtika mahsulotlari to‘g‘risida maʼlumot berdi.

Davlat markazining Tibbiy mahsulotlarni sertifikatlashtirish markaziy organiga bo‘lgan murojaatlar asosida yurtimizda hamda Xitoy, Hindiston, Slovakiya, Avstriya va Pokiston davlatlarida ishlab chiqarilgan 19 turdagi 117923 o‘ram, qiymati 6085006 ming so‘m bo‘lgan farmatsevtika mahsulotlari (batafsil ro‘yxat) qo‘llash uchun yaroqsiz deb topilib, sertifikatlashtirilishi rad etildi.

Maʼlumot uchun, «Muvofiqlik sertifikati» — sertifikatlangan mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash uchun sertifikatlashtirish tizimi qoidalariga binoan berilgan hujjat hisoblanadi.

Hurmatli yurtdoshlar! Dori vositasi, tibbiy buyum va tibbiy texnikaning nomi, Davlat ro‘yxatidan o‘tgan raqami, chiqarilgan shakli, ishlab chiqargan mamlakat, muvofiqlik sertifikat berilgan sana va boshqa tegishli maʼlumotlarni Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi rasmiy veb saytidan olishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi yagona nizom (ro‘yxat raqami 80-son 21.02.2022) ga ko‘ra, dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish - faoliyat uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladigan, litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi!

Davlat markazi Axborot xizmati