Davlat markazining Qashqadaryo va Andijon viloyatidagi shoʻba korxonasi xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

23.09.2022 4029

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 apreldagi “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi 149-sonli qaroriga muvofiq joriy etilayotgan, dori vositalari va tibbiy buyumlarni raqamli markirovkalash ishlari yuzasidan “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi”ning Qashqadaryo va Andijon viloyatidagi shoʻba korxonasida uchrashuvlar tashkil etildi.

Uchrashuv davomida Davlat markazining Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini raqamli markirovkalash bo‘limi yetakchi mutaxassisi Iskandar Inogamov tomonidan mazkur korxonalarda faoliyat yuritayotgan xodimlarga dori vositalari va tibbiy buyumlarni raqamli markirovkalanmagan holda sertifikatsiyadan o‘tkazishga qachondan boshlab yo‘l qo‘yilmasligi hamda raqamli markirovkalash tartibi va qoidalari haqida batafsil tushuntirish berildi.

Shuningdek, Davlat markazining hududiy shoʻba korxonasi Sertifikatlashtirish organi, Mikrobiologiya tahlil laboratoriyasi hamda Farmako-toksikologik tahlil laboratoriyasi mutaxassilari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi 2022–2025 yillar davomida bosqichma-bosqich joriy qilinishi belgilangan bo‘lib, Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab ikkilamchi (tashqi) qadoqlarda ishlab chiqarilgan dori vositalari majburiy raqamli markirovkalanishi lozim.

Davlat markazi Axborot xizmati