Samarqandda dori vositalarini raqamli markirovkalash bo‘yicha uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda

30.08.2022 4192

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi”ning Dori vositalari va tibbiy buyumlarni raqamli markirovkalash bo‘limi mutaxassislari xizmat safari bilan Samarqand viloyatida bo‘lib turishipti.

Tashrif davomida Samarqand viloyatida dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqaruvchi va ularning ulgurji realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil qilinmoqda.

Kuni kecha "Samarkand England Eco-Medical" MCHJ, "Integro DD" MCHJ, “Bionica” MCHJ chet el korxonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda yurtimizda dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tartibiga o‘tish hamda olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, shu bilan birga mazkur tizimiga o‘tish borasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar o‘rganildi va tadbirkorlarga markirovkalashning ahamiyati haqida keng qamrovli tushuntirish berib o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi 2022–2025 yillar davomida bosqichma-bosqich joriy qilinishi belgilangan bo‘lib, Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab ikkilamchi (tashqi) qadoqlarda ishlab chiqarilgan dori vositalari majburiy raqamli markirovkalanishi lozim.

Davlat markazi Axborot xizmati