Farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlar diqqatiga!

13.02.2025 368

Farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlar diqqatiga!

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 apreldagi 149-son qaroriga asosan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlarga “Asl belgisi” milliy axborot tizimiga ulanish, mazkur tizimga raqamli markirovkalangan mahsulotlarning muomalaga kiritilishi, muomalada bo‘lishi va muomaladan chiqarilishi bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etish majburiyati yuklatilgan.

 

Biroq, farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlarning “Asl belgisi” milliy axborot tizimiga ulanganlik holati tahlil qilinganda, Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP) sertifikatiga ega bo‘lgan farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi 329 ta tadbirkorlik subyektlaridan 15 tasi hamda dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiga ega bo‘lgan 8 428 ta dorixonalardan 1 100 tasi “Asl beligisi” milliy axborot tizimiga ulanmaganligi aniqlandi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga majburiy rioya etish litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 833-son qaroriga muvofiq quyidagilar ulgurji va chakana savdo qoidalarining buzilishi hisoblanadi:

 

Ulgurji sotuvchilar tomonidan:

 

raqamli markirovkalanmagan mahsulotlarni sotib olish, tashish, saqlash yoki realizatsiya qilish (sotish);

markirovka kodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan elektron hisobvaraqa-fakturalarni qabul qilmasdan raqamli markirovkalangan mahsulotlarni sotib olish, shuningdek, realizatsiya qilingan (sotilgan) mahsulotlarning har bir birligi uchun markirovka kodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan fiskal hujjatni yoxud elektron hisobvaraqa-fakturani rasmiylashtirmasdan raqamli markirovkalangan mahsulotlarni realizatsiya qilish (sotish);

nuqsonli (brak bo‘lgan) raqamli markirovkalangan mahsulotlarni hisobdan chiqarish yoki sotish bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra muomaladan chiqarish talablarini buzish.

Chakana savdo korxonalari tomonidan:

 

raqamli markirovkalanmagan mahsulotlarni sotib olish;

markirovka kodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan elektron hisobvaraqa-fakturalarni qabul qilmasdan raqamli markirovkalangan mahsulotlarni sotib olish, shuningdek, markirovka kodini muomaladan olib tashlash uchun elektron fiskal hujjatga har bir sotilgan tovar birligining markirovka kodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritmasdan, mahsulotni yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilish (sotish);

nuqsonli (brak bo‘lgan) raqamli markirovkalangan mahsulotlarni hisobdan chiqarish yoki sotish bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra muomaladan chiqarish talablarini buzish;

raqamli markirovkalanmagan mahsulotlarni saqlash, ishlatish va (yoki) mahsulot muomalasining boshqa subyektiga yoxud oxirgi iste’molchiga realizatsiya qilish (sotish).

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 maydagi PQ-203-son qaroriga asosan 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab soliq organlariga majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar bo‘yicha aniqlangan qalbaki va kontrafakt holatlar hamda markirovkalash qoidalari buzilganligi yuzasidan tekshiruvlarni tadbirkorlik subyektlarini xabardor qilmasdan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni tekshirish kunida xabardor qilgan holda amalga oshirish vakolati berilgan.

 

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 227-1-moddasiga asosan tovarlarni (mahsulotlarni) sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish — realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning ikki foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

Xuddi shunday huquqbuzarlik jarima qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, — realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning yigirma foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

Aholini qalbaki mahsulotlardan himoya qilish, dori vositalarini raqamli markirovkalash hamda kuzatib borish mexanizmlarining to‘liqligi, samaradorligi hamda ularning qonuniy aylanishini ta’minlash maqsadida, farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlardan “Asl Belgisi” milliy axborot tizimiga darhol ulanishlarini, faoliyatini majburiy raqamli markirovkalash qoidalari talablariga qat’iy rioya etgan holda tashkil etishlarini so‘raymiz.