Markaz ekspertlari VIII farmatsevtika sammiti ishtirok etmoqda

28.10.2024 619

Markaz ekspertlari VIII farmatsevtika sammiti ishtirok etmoqda

Moskva shahrida “Roʻyxatdan oʻtkazish, farmakonazorat va klinik tadqiqotlar: yangi ufqlar va eng yaxshi amaliyotlar” VIII farmatsevtika sammiti boʻlib oʻtmoqda. Unda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Belarus va Armanistondan tashrif buyurgan yetakchi ekspertlar qatorida Oʻzbekiston nomidan “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Farmatsevtika sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion yondashuvlar va xavfsizlik standartlarini joriy etishga bagʻishlangan ushbu nufuzli anjumanda farmatsevtika mahsulotlarini roʻyxatdan oʻtkazish, farmakonazorat tizimlarini rivojlantirish hamda klinik tadqiqotlar oʻtkazishning eng yaxshi amaliyotlari muhokama qilinadi.

Delegatsiyamiz vakillari sammitdagi chiqishlarida yurtimizda farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash, ularni roʻyxatdan oʻtkazish jarayonlarida xalqaro tajribadan foydalanish hamda klinik tadqiqotlarning rivoji yuzasidan tajriba va yutuqlari haqida maʼruza qildi.

Taʼkidlash joiz, bu kabi xalqaro anjumanlar mutaxassislar bilim va tajribalarini oshirishda juda muhim platforma hisoblanadi, shuningdek, ishtirokchilarga sohada yuzaga kelayotgan yangi muammolarni muhokama qilish, dori vositalarining roʻyxatdan oʻtkazilishi va farmakonazorat boʻyicha eng yaxshi xalqaro amaliyotlar bilan tanishish imkonini beradi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Matbuot xizmati