Vakillarimiz Turkiya Tibbiy buyum va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi

11.10.2024 558

Vakillarimiz Turkiya Tibbiy buyum va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari malaka oshirish dasturi doirasida Turkiya Dori vositalari va tibbiy buyumlari agentligi qoshidagi Tibbiy buyum va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish laboratoriyasiga tashrif buyurdi.

Maʼlumot uchun, TİTCK - Turkiya Dori vositalari va tibbiy buyumlari agentligi (Türkiye İlaç ve Tıbbi Cihaz Kurumu) Turkiya Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida 2012-yilda taʼsis etilgan. Agentlik mamlakatda dori vositalari, tibbiy buyumlar va kosmetika mahsulotlarining xavfsizligi, samaradorligi va sifatiga javobgar organ hisoblanadi.

Tashrif davomida mutaxassislarimiz zamonaviy sifat nazorati mexanizmlari va tibbiy buyumlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ilgʻor amaliyotlar, laboratoriyada amalga oshiriladigan tekshiruv usullari va sinov jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, muloqot chogʻida Markaz laboratoriyalari faoliyatini ISO 17025 standarti talablariga muvofiq takomillashtirish, sinovlarni ISO 17043 standartiga muvofiq oʻtkazish orqali laboratoriyalar oʻrtasida natijalarni solishtirish va muvofiqlashtirish, markaz xodimlarining malakasini oshirish va muntazam ravishda tajriba almashinuvlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha fikr almashildi.

Bu, oʻz navbatida, laboratoriyalarda sinov ishlarini olib borish sifatini xalqaro talablarga muvofiqlashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.