JSST denge kasalligiga qarshi yangi vaksinaning dastlabki kvalifikatsiyasini amalga oshirdi

16.05.2024 1179

JSST denge kasalligiga qarshi yangi vaksinaning dastlabki kvalifikatsiyasini amalga oshirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, denge kasalligiga qarshi “TAK-003” nomli yangi vaksinaning dastlabki kvalifikatsiyasini amalga oshirdi va bu JSST tomonidan ushbu xastalik uchun prekvalifikatsiya qilingan ikkinchi vaksina bo‘ldi. “Takeda” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu vosita denge kasalligini keltirib chiqaradigan virusning to‘rtta serotipining zaiflashtirilgan versiyalarini o‘z ichiga olgan jonli attenuiratsiya qilingan (zaiflashtirilgan) vaksinadir. 

 JSST “TAK-003”dan 6 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kasallik yuki va tarqalish tezligi yuqori bo‘lganida foydalanishni tavsiya qiladi. Vaksina ikki dozali sxemada, dozalar orasidagi uch oylik interval bilan emlanadi.

“TAK-003”ning prekvalifikatsiyasi denge kasalligiga qarshi vaksinalarni olish imkonini global ravishda kengaytirishda muhim qadamdir. Chunki ularni endi BMT tizimi muassasalari, jumladan, YUNICEF va Panamerika sog‘liqni saqlash tashkiloti ham sotib olishi mumkin, — dedi JSSTning tartibga solish va prekvalifikatsiya departamenti direktori Rojerio Gaspar. — Hozirgi kunga qadar dengega qarshi faqat ikkita vaksina prekvalifikatsiya jarayonidan o‘tdi va biz ko‘proq vaksina ishlab chiquvchilari o‘z mahsulotlarini baholash uchun yuborishlarini kutmoqdamiz. Shunda emlanishga muhtoj bo‘lgan har bir kishiga vaksina yetkazib berilishini taʼminlashimiz mumkin”.

JSST tomonidan prekvalifikatsiyadan o‘tgan tibbiy mahsulotlar ro‘yxatiga “Sanofi Pasteur” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan CYD-TDV dengega qarshi vaksina ham kiradi.

 Eslatib o‘tamiz, denge — infeksiyalangan chivin chaqishi orqali yuqadigan transmissiv kasallik. Bu xastalikning og‘ir shakli kasalxonada davolanishni talab qiladi va hatto o‘lim holatiga olib kelishi mumkin.

JSSTga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab denge bilan 100-400 milliondan ortiq kasallanish holatlari ro‘yxatga olinadi. Denge bo‘yicha endemik mamlakatlarda esa 3,8 milliard nafar odam yashaydi, ularning aksariyati Osiyo, Afrika, Shimoliy va Janubiy Amerikada. 

Denge bilan kasallanishning eng yuqori ko‘rsatkichi 2023 yilda kuzatilgan bo‘lib, JSST tomonidan Amerika mintaqasida 4,5 million kasallanish va 2 300 o‘lim holati qayd etilgan. Iqlim o‘zgarishi va urbanizatsiya tufayli denge bilan xastalanganlar soni ortishi va kengroq geografik hududga tarqalishi mumkin.