Metrologiya sohasida xususiy sektor faoliyati kengaytiriladi - Senat

02.10.2023 1084

Metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga xususiy sektorni keng jalb etish hamda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda uning ushbu sohada faol ishtirok etishi uchun ko‘proq imkoniyatlar berish zarurati mavjud.

Senatning qirq beshinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun aynan shu masalaga qaratilgan.

Qonun bilan o‘lchash vositalarini qiyoslash xizmatlari respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari hisoblanmaydigan yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan ko‘rsatilishini, o‘lchash natijalari davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan o‘lchash vositalari turkumlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishini, shuningdek metrologiya tekshiruvi hamda davlat metrologiya nazorati funksiyalarining ajratilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, akkreditatsiya qilingan holda o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish, qiyoslash va kalibrlash ishlarini bajarish maxsus vakolatli davlat organi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bo‘linmalarining vakolatlari doirasidan chiqarilmoqda.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlarining metrologiya xizmatlari hamda yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari vakolatlari ajratilmoqda.

O‘lchash natijalari davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan o‘lchash vositalari turkumlarining ro‘yxati maxsus vakolatli davlat organining Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va ushbu o‘lchash vositalari qo‘llaniladigan sohadagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishilgan takliflari asosida Hukumat tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga o‘lchash natijalari davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan o‘lchash vositalari turkumlarining ro‘yxatiga kiritilmagan o‘lchash vositalarini qiyoslash yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan amalga oshirilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan Qonun muhokamasi jarayonida o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektorni jalb qilish metrologiya xizmatini ko‘rsatish bozorida raqobat muhitini yaratishga xizmat qilishi, shuningdek, davlat metrologiya xizmati ulushi kamaytirilishi hisobiga milliy metrologiya institutining faoliyat shakli xalqaro talablarga muvofiq bosqichma-bosqich ilmiy-amaliy ishlarni rivojlantirishga va metrologiya sohasiga innovatsiyalarni keng joriy etishga imkon berishi qayd etildi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.