Ijtimoiy tarmoqlarda 4 ming 500 dan ortiq reklamalar yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilgan

20.09.2023 1571

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri bu – reklama bozorini tartibga solishdan iborat.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov ishtirokida brifing tashkil etildi.

Unda sohaga oid maʼlumotlar taqdim etildi. Qayd etilishicha, nazorat va profilaktika tadbirlari o‘tgan yillarga nisbatan oshirilishi hisobiga, huquqbuzarliklar soni va darajasini kamaytirishga erishilmoqda. Jumladan, ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda, tashqi reklama vositalarida joylashtirilgan (tarqatilgan) reklamalarning qonunchilik hujjatlariga mosligi yuzasidan jami 24 mingdan ortiq o‘rganishlar o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda ommalashib borayotgan axborot almashish va tarqatish manbai hisoblangan ijtimoiy tarmoqlarda 4 ming 500 dan ortiq reklamalar yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilgan, shundan (Facebook – 144 ta, Instagram – 344 ta, Telegram – 4 ming 108 ta) qonunbuzilish holatlari aniqlangan va bartaraf etilgan. Isteʼmolchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasini nazorat qilish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Maʼlumki, reklama faoliyati O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa (10 ga yaqin) normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Qo‘mita reklama bozorini tartibga solishni nafaqat nazorat funksiyalari orqali, balki tushuntirish va profilaktika o‘tkazish, qonunbuzilish holatlarining oldini olish va tezkor bartaraf etish choralarini ko‘rish yo‘li bilan amalga oshirishga ko‘proq eʼtibor qaratgan.

Qo‘mita tomonidan biologik faol qo‘shimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar, shifobaxsh va maʼdanli suvlarning reklamasida qayd etilgan xususiyati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligidan 150 dan ortiq holat bo‘yicha eskpert xulosasi olinib, 103 ta holat bo‘yicha kamchiliklar bartaraf etilgan.

Shuningdek, reklamaga oid qonunbuzilishlarga nisbatan tezkor choralar ko‘rish maqsadida bukmekerlik xizmatlariga oid reklamani targ‘ib qiluvchi saytlarga kirishni bloklash choralari ko‘rilmoqda. Olib borilgan ishlar natijasida bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 92 ta veb-saytni bloklash bo‘yicha AOKAga takliflar kiritilgan bo‘lib, shundan 27 ta sayt bloklangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda estrada yulduzlari, sportchilar va blogerlar tomonidan totalizatorlar va bukmekerlik xizmatlarini reklama qilish holatlari bo‘yicha ichki ishlar organlariga 11ta tegishli mazmundagi xat taqdim etilgan.

Mutaxassisga ko‘ra, qo‘mita tegishli masʼul idoralar bilan birgalikda respublikamizda mavjud tashqi reklama obyektlaridagi reklamalarning davlat tili qoidalariga mosligini o‘rganish yuzasidan jami 9 mingdan ortiq monitoring o‘tkazgan. Shundan, 3 mingdan ortiq (35 foiz) reklamalar davlat tili qoidalariga muvofiq emasligi aniqlangan va ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati