KOICA va Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamkorlikni yo’lga qo’yadi

12.09.2023 1281

Ayni kunlarida, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi masʼullaridan iborat delegatsiya xizmat safari bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibti.

Tashrif doirasida ikki davlat o‘rtasida sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston — Koreya biznes forumini o‘tkazish, shuningdek, farmatsevtika, tibbiy taʼlim, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish kabi tibbiyotning qator yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama etish rejalashtirilgan.

Mazkur delegatsiya tarkibida Koreaga tashrif buyurgan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori o‘rinbosari Alisher Temirov, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning Yevroosiyo boshqarmasi bosh direktori Chun Chjixen bilan o‘tgan uchrashuvda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va KOICA o‘rtasida kadrlar malakasini oshirish, sohada o‘zaro tajriba almashish, tizimga innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildi.

Ma‘lumot uchun, KOICA rivojlanayotgan davlatlarga beg‘araz yordam dasturlarini amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashib kelmoqda. Tashkilot xorijiy davlatlarda 50 ga yaqin vakolatxonasiga ega.

Xususan, 1995 yilda O‘zbekistonda ham o‘z vakolatxonasini ochgan. Ayni paytda mamlakatimizda mazkur nufuzli tashkilot bilan 9 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu orqali ko‘plab mutaxassislarimiz, xususan, tibbiyot xodimlari ham Koreyada stajirovkada bo‘lib qaytmoqda. KOICA loyiha va grantlari ishtirokchisiga aylanyapti.

Uchrashuv yakunida vakillarimiz mezbonlarni joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan O‘zbekiston — Koreya xalqaro tibbiyot forumida tashkilotchi hamkor sifatida qatnashishga taklif etdi.