Raqamli markirovkalanmangan dori vositalarini sotib olish chakana savdo qoidalarining buzilishi hisoblanadi!

16.01.2025 144

Raqamli markirovkalanmangan dori vositalarini sotib olish chakana savdo qoidalarining buzilishi hisoblanadi!

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-apreldagi “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi 149-son qaroriga asosan dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlarga “Asl Belgisi” milliy axborot tizimiga ulanish, mazkur tizimga raqamli markirovkalangan mahsulotlarning muomalaga kiritilishi, muomalada boʻlishi va muomaladan chiqarilishi boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etish majburiyati yuklatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 833-son qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulotlarni identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash va ularning aylanmasini kuzatib borish qoidalari”ning 96-bandi “b” kichik bandiga muvofiq quyidagilar chakana savdo qoidalarining buzilishi hisoblanadi:

raqamli markirovkalanmangan mahsulotlarni sotib olish;

markirovka kodlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan elektron hisobvaraq-fakturalarni qabul qilmasdan raqamli markirovkalangan mahsulotlarni sotib olish, shuningdek markirovka kodini muomaladan olib tashlash uchun elektron fiskal hujjatga har bir sotilgan tovar birligining markirovka kodlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritmasdan, mahsulotni yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilish (sotish);

nuqsonli (brak boʻlgan) raqamli markirovkalangan mahsulotlarni hisobdan chiqarish yoki sotish bilan bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra muomaladan chiqarish talablarini buzish;

raqamli markirovkalanmagan mahsulotlarni saqlash, ishlatish va (yoki) mahsulot muomalasining boshqa subektiga yoxud oxirgi isteʼmolchiga realizatsiya qilish (sotish).

Eslatib oʻtamiz, dori vositalarini raqamli markirovkalash boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot olish uchun Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Maxsus raqamli markirovkalashni joriy etish boʻlimiga (tel: 71 203-01-01 (ichki raqam: 2480) hamda “Asl belgisi” mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi operatori “CRPT TURON” MCHJga (tel: 71 203-88-72) murojaat qilishingiz mumkin.