Moldova Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi bilan anglashuv memorandumi imzolandi
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori oʻrinbosari Nozim Berdiyev boshchiligidagi delegatsiya Moldovaga tashrif doirasida Agentia Medicamentului si Dispozitivelor Medicale – Moldova Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi rahbari Dragosh Gutsu bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, dori vositalari va tibbiy buyumlarning xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, oʻzaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Maʼlumot uchun, Moldova Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi (Agentia Medicamentului si Dispozitivelor Medicale) 2007-yilda tashkil topgan boʻlib, mamlakatda dori vositalari va tibbiy buyumlarni roʻyxatdan oʻtkazish va tartibga solish, shuningdek, xavfsizlik va sifat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organi hisoblanadi.
Yakunda, ikki mamlakat farmatsevtika sohasidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish va ularni milliy tizimlarga joriy etish boʻyicha anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv ikki davlat oʻrtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga, ilmiy va texnik taraqqiyotni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.