JSST xavfli bakteriya va viruslar ro‘yxatini yangiladi

06.08.2024 1668

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti navbatdagi pandemiyani keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan virus va bakteriyalar ro‘yxatini yangiladi.

Buning uchun 50 dan ortiq mamlakatning 200 nafardan ziyod olimlari ishtirokida 1652 patogenni qamrab oluvchi 28 virus va bitta asosiy bakteriya guruhiga doir ma’lumotlarni o‘rganishga qaratilgan tadqiqot natijalariga tayanildi.

Shu tariqa yangilangan ro‘yxatdan 30 ta ustuvor patogen joy oldi. Ular safiga A guruhiga mansub gripp viruslari, denge isitmasi va maymun chechagi (mpox) kiritildi.

2017 va 2018 yillarda global pandemiyaga sabab bo‘luvchi patogenlar ro‘yxatidan atigi o‘nga yaqin virus va bakteriyalar o‘rin olganini hisobga olsak, “X kasalligi”ni yuzaga chiqarishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy xavf omillari yil sayin ortayotgani ma’lum bo‘ladi. 

Xo‘sh, bu ro‘yxat nima uchun kerak?

Ekspertlar fikricha, ushbu manbadan infeksiyalarga qarshi yanada samarali vaksina hamda preparatlar yaratish, sog‘liqni saqlash sohasiga doir zarur chora-tadbirlar hamda strategiyalarni ishlab chiqishda foydalaniladi.

 Ya’ni ustuvor patogenlar ro‘yxati insoniyat salomatligini asrash yo‘lida profilaktik choralar vazifasini o‘taydi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy JSST rahbari Tedros Gebreyesus dunyoda istalgan vaqtda yangi pandemiya boshlanishi mumkinligidan ogohlantirgandi. Ushbu prognoz uchun ba’zi mintaqalarda parranda grippi epidemiyasining kutilmaganda avj olishi sabab bo‘lgandi.