Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasi shaffof va adolatli tizim asosida baholanmoqda

21.05.2024 1354

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasi shaffof va adolatli tizim asosida baholanmoqda

Maʼlumki, Prezidentimizning 2023 yil 20 iyundagi "Maʼmuriy islohotlar doirasida sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tashkil etilgan edi.

Mazkur muassasa zimmasiga tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari, kasbiy mahoratini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish funksiyalarini bajarish yuklatilgan. 

 Bugunga kunda ushbu markazda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali malakani baholashning mutlaqo yangi shaffof va adolatli tizimi yaratilgan.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 18 sentyabrdagi tegishli qarori bilan malaka toifalari berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning Maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga asosan, hujjatlarning Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali faqat elektron shaklda  qabul qilinishi va har bir bosqichda ko‘rib chiqilishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish tartibi joriy etildi.

Buning natijasida tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malaka toifasi berish bo‘yicha yig‘majild orqali hujjat topshirish amaliyoti bekor qilindi.

Shuningdek, og‘zaki va test imtihonlarini o‘tkazish uchun hududlarda maxsus jihozlangan imtihon xonalari ajratilib, onlayn translyatsiya, audio va video kuzatuv nazorati taʼminlandi.

Aytish joiz, tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berilganligini tasdiqlovchi qog‘oz shaklidagi sertifikat berish amaliyotiga ham barham berilib, hisobga olish seriyasi, tartib raqamiga ega, QR-kodi qo‘yilgan elektron shakldagi sertifikat berish tartibi joriy etildi.

Onlayn tartibdagi og‘zaki imtihon uchun beriladigan bilet savollari “Random” (inson omili minimallashgan, kompyuter texnologiyasi yordamida tasodifiy savol tanlash) dasturi orqali tanlanishi yo‘lga qo‘yildi.

Bunda biletlar 5 ta savoldan iborat bo‘lib, ularga javob berish uchun 15 daqiqa vaqt ajratiladi va har bir javob 10 ballik tizimda baholanadi. Imtihon yakunida dastur umumiy ballarning o‘rtacha qiymatini hisoblab, natijani o‘sha zahoti eʼlon qiladi.

Shu bilan birga, test sinovi va og‘zaki imtihon savollari Sog‘liqni saqlash vazirligi va markazning rasmiy veb-saytlarida o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida joylashtirilgangan bo‘lib, imtihonlarda aynan ushbu savollardan foydalanilishi taʼminlangan.

Eʼtiborli jihati, talabgorlar og‘zaki imtihonlarni aynan qaysi ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyasiga topshirishini, komissiya aʼzolari esa imtihon boshlangunga qadar qaysi talabgordan imtihon olishini bilmaydi.

Yangi tizimning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, endilikda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjat topshirish hamda attestatsiyadan o‘tish uchun ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab poytaxtga kelishiga barham berildi.

Hujjat topshirish va imtihondan o‘tish jarayonida inson omili aralashuvini minimallashtirish orqali korrupsiya xavfi va elementlari bartaraf etildi.

 Natijada malaka toifasini berish bo‘yicha imtihonlardan faqat nazariy bilimi va amaliy ko‘nikmalarini uzluksiz oshirib borgan tibbiyot xodimlarigina muvaffaqiyatli o‘tmoqda. 

✅ Umuman olganda, hujjat topshirish va imtihon jarayonlarini raqamlashtirish natijasida shaffof tizim yaratilganligi soha uchun yetuk va chuqur bilimga ega, xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.