Markazda "Konstitutsiya kuni" arafasida ma'rifiy tadbir o'tkazildi

06.12.2023 1416

Joriy yilning 8-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligiga 31 yil to‘ladi.

Shu munosabat bilan “Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasida “Konstitutsiya–huquq va erkinliklar kafolati” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda mehmon sifatida taklif etilgan Toshkent davlat transport universiteti dotsenti, Olmazor tumani nuroniylar jamoatchilik kengashi a’zosi Abduqahhor To‘laganov, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Olmazor bo‘linmasi rahbari Muazzam Alibaeva hamda Markaz xodimlari ishtirok etdi.

 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi sifatida demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, aholining erkin va obod turmushini ta’minlash, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish hamda barcha sohalarda islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganligi alohida e’tirof etildi. 

 
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 48-moddasida har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekanligi ta’kidlandi. 

 

Tadbir yakunida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Olmazor bo‘linmasi tomonidan tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi nashri va Shavkat Azizovning “Qadim mahallam” deb nomlangan kitoblari taqdim etildi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati