Dori vositalari tarkibida uchraydigan yot moddalar miqdori qanday aniqlanadi

25.10.2023 1923

Avval xabar berganimizdek, ayni daqiqalarda poytaxtimizdagi “Panarams” mehmonxonasida "Farmatsevtika sohasining bugungi holati: muammolar va istiqbollar" mavzusidagi IV xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtmoqda.

Mazkur anjumanda AQSH, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Ukraina, Rossiya va Qozogʻiston kabi qator mamlakatlardan kelgan mutaxassislar qatorida "Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizlik markazi" Davlat muassasasi vakillari ham ishtirok etmoqda.

 

Jumladan, tadbirda chiqish qilgan markaz mutaxassisi Zufar Boboyev oʻz nutqida, suyuq dori vositalari tarkibida uchraydigan propilenglikol, glitserin hamda ularning yot aralashmalari etilenglikol va dietilenglikollar miqdorlarini aniqlash bo'yicha amalga oshirilgan tajriba haqida maʻruza qildi.

Maʻlumot uchun, siroplar tarkibida erituvchi modda sifatida propilenglikol, gliserin, sorbitol kabi moddalar keng miqyosda qoʻllaniladi. Koʻp atomli spirtlar (KAS) tarkibida yot modda sifatida etilenglikol hamda dietilenglikol singari zaharli moddalar uchraydi va ularning miqdori 0,1 % dan oshmasligi belgilangan. 

Zaharli glikollar – etilenglikol va dietilenglikollar gepatotoksik va nefrotoksik birikmalar hisoblanadi. Ular bilan zaharlanish holatlarining uzoq va fojeali tarixi mavjud boʻlib, aksar hollarda oziq-ovqat va dori vositalarida qoʻllaniladigan KAS glitserin, propilenglikol moddalari bilan dietilenglikol, etilenglikollarni atay yoki tasodifan almashtirib qoʻyish sababli yuzaga keladi.

 

Tadbir davomida Zufar Boboyev markaz laboratoriyasida dori vositalari tarkibida uchraydigan yot moddalar miqdorini aniqlash boʻyicha amalga oshirilgan tajriba haqida quyidagilarni maʻlum qildi.

Birinchi marta dori vositalari tarkibida uchraydigan propilenglikol, glitserin hamda ular tarkibida yot aralashma sifatida uchraydigan zaharli moddalar – etilenglikol va dietilenglikollar miqdorini, ular aralashmalari tarkibidan aniqlashning YUSSX usuli ishlab chiqildi. Shuningdek, mazkur usul alternativ usul sifatida murakkab suyuq dori vositalar tahlilida qoʻllanishiga tavsiya etildi.