Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi faoliyatiga ISO 9001 standarti joriy etiladi

05.10.2023 1269

Xabaringiz bor, joriy yilning 8 sentyabr sanasida poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – AQSH sog‘liqni saqlash haftaligi doirasidagi yirik anjumanda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va AQSH Farmakopeya konvensiyasi (USP) o‘rtasida memorandum imzolangan edi. PQM+ dasturi bo‘yicha bir nechta yo‘nalishlarda hamkorlikni nazarda tutuvchi mazkur memorandumga muvofiq, ayni kunlarda Markaz faoliyatiga ISO 9001 standartini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xo‘sh,  ISO 9001 qanday standart va uni joriy etish orqali qanday natijalarga erishish mumkin?

Taʼkidlash joiz, ISO 9001 standarti dunyodagi eng mashhur sifat menejmenti tizimi standarti bo‘lib, dunyo bo‘ylab 180 mamlakatlardagi tashkilotlarni sertifikatlashtirgan.

Mazkur standart Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) tomonidan eʼlon qilingan 9000 seriyali standartlardan muvofiqlikni baholash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan yagona standartdir.

ISO 9001 Sifat Menejmenti Tizimi – bu dunyo miqyosida qabul qilingan sifat menejmenti tizimi bo‘lib, mijozlar talablari, ehtiyojlari va tartibga soluvchi talablarini qondirish orqali mijozlar ehtiyojini oshirishni nazarda tutadi.

ISO 9001 standarti asosan boshqarish mexanizmidir. Ushbu standartning maqsadi – xatolar va nuqsonlarni kamaytirish, yo‘q qilish va oldini olishdan iboratdir. Standart mahsulot va xizmatlarning sifati bilan emas, balki boshqaruv tizimining sifatiga bevosita bog‘liqdir.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad shundan iboratki, agar samarali sifat menejmenti tizimi yaratilsa va joriy etilsa, mijozlar ehtiyojlarini qondirish uchun sifatli mahsulotlar va xizmatlar ishlab chiqariladi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati