Immunobiologik preparatlar sifatini nazorat qiluvchi yurtimizdagi yagona laboratoriya

25.09.2023 1824

Tashkil etilganiga salkam 30 yil bo‘lgan, yuksak malaka va uzoq yillik tajribaga ega yuqori toifali soha mutaxassislari faoliyat yuritayotgan “Vaksina, zardob preparatlari va mikrobiologik tahlil laboratoriyasi” Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining tayanch laboratoriyalardan biri hisoblanadi.

 

Laboratoriya dori vositalari va tibbiyot buyumlarining mikrobiologik, biologik, immunobiologik, biokimyoviy ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovlarni bajarishga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, bu yerda yiliga umumiy 10 000 dan ortiq dori vositalari, tibbiy immunobiologik preparatlar va tashxis vositalari, tibbiy buyumlarning sifati nazoratini o‘tkazish sinovlari jahon standartlari talablari darajasida bajariladi.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazish, ro‘yhatdan o‘tkazish guvohnomasi muddatini uzaytirish va sertifikatlashtirish uchun taqdim etilgan hamda respublikada ommaviy vaksinatsiya dasturini bajarish maqsadlarida olib kelinayotgan barcha vaksinalar namunalari sinovlari, shuningdek, ularning tegishli normativ – texnik hujjatlar ekspertizasi ham ayni shu laboratoriyada amalga oshiriladi.

 

Laboratoriya eng so‘ngi zamonaviy innovasion texnologiyalar jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan tashxis vositalarining sifat nazorati sinovlari amalga oshirish uchun immunoferment analizatorlari, avtomatik va yarim avtomatik biokimyoviy analizatorlar, maxsus termostatlar, sentrifugalar, vosher va vorteks apparatlari, turli xil kalibrli dozatorlar, ph metrlar, elektron tarozilar va boshqa uskunalar bilan jihozlangan.

Shuningdek, mazkur laboratoriyada qon preparatlari tarkibida virusli infeksiyalar – gepatit V, gepatit S, OITS qo‘zg‘atuvchilari markerlarini nazorat qilish ishlari ham amalga oshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlashtirish uchun yo‘llanadigan qon preparatlarining barcha seriyalarning sinovlari immunoferment va immunoblot usullar yordamida amalga oshiriladi. Bu esa yurtimizda qon preparatlarini viruslardan xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.

 

 

Hozirgi paytda polimeraza zanjir reaksiyasi usulini tibbiy immunobiologik preparatlar hamda tashxis vositalarining sifati nazoratida qo‘llash yo‘nalishi rivojlanib bormoqda. Vaksina, zardob preparatlari va mikrobiologik tahlil laboratoriyasida ham qon preparatlari tarkibidagi kasallik qo‘zg‘atuvchi antigenlarni mazkur zamonaviy usul – polimeraza zanjir reaksiyasi yordamida aniqlash yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari laboratoriya tarkibida zamonaviy talablarga javob beradigan, GLP talablari bo‘yicha sinovlar o‘tkazish imkonini beruvchi asbob-uskunalar bilan jihozlangan Vivariy mavjud. Bu yerda tibbiy immunobiologik preparatlarning hayvonlarda olib boriladigan sifat nazorati sinovlari amalga oshiriladi.

 

Vaksina, zardob preparatlari va mikrobiologik tahlil laboratoriyasi tibbiy immunobiologik preparatlar, tashxis vositalarini standartlash va sifat nazorati ishlarini takomillashtirish bo‘yicha Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari, Respublikaning yetakchi tibbiy muassasalari, Ilmiy – tekshirish institutlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Ayni kunlarda laboratoriyada mavjud usullarni takomillashtirish va yangi sinov uslublarini o‘zlashtirish, hamda akkreditatsiya sohasini kengaytirish maqsadida qizg‘in izlanishlar olib borilmoqda.