❗️“Tapentadol” dori vositasi muomalada bo‘lishi cheklangan giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritildi

22.08.2023 1522

❗️“Tapentadol” dori vositasi muomalada bo‘lishi cheklangan giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritildi

“Tapentadol” kuchli ta'sir qiluvch dori vositasi tibbiyotda o‘rtacha va og‘ir intensivlikdagi o‘tkir va surunkali og‘riq sindromida, operatsiyadan so‘ng va og‘riqli diagnostika jarayonlarida qo‘llaniladi. Mazkur dori vositasini muntazam iste’mol qilish qaramlikni shakllantirib, uni notibbiy maqsadlarda suiiste’mol qilish nafas olish tizimining buzilishi, bosh miya shikastlanishi va ruhiy tushkunlikga tushish,  anamnez holatida talvasa sindromi, jigar yetishmovchiligi, o‘t qopi patologiyasi va o‘tkir pankreatit, qon bosimini tushish holatlarini keltirib chiqaradi.

Ma’lumot uchun, 2014 yilda BMTning giyohvandlik bo‘yicha ekspertlar qo‘mitasi tomonidan “Tapentadol” dori vositasining nazoratini kuchaytirish bo‘yicha bir qator tavsiyalar berilgan. Shuningdek Rossiya, Buyuk Britaniya, Kipr, Estoniya, Finlyandiya, Gretsiya, Latviya, Ispaniya va boshqa davlatlarda "Tapentadol" dori vositasi milliy nazorat ostiga olingan ro‘yxatlariga kiritilgan.

AQShning narkotiklarga qarshi boshqarmasi jadvali “Tapentadol”ni ko‘proq odamni bo‘shashtirish uchun ishlatiladigan kuchli opioidlar morfin, oksikodon va fentanil turkumidagi II ro‘yxatga kiritgan.

Yurtimizda “Tapentadol” dori vositasining noqonuniy savdosi hamda iste’molining oldini olish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 19 avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, mazkur dori vositasi O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan giyohvandlik vositalarining ro‘yxati (II-ro‘yxat) ga kiritildi.

❗️“Tapentadol” dori vositasi O‘zbekiston Respublikasida tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat reestridan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Mazkur dori vositasini qonunga xilof ravishda olish, saqlash va o‘tkazganlik uchun qonunchilikda tegishli jinoiy javobgarlik belgilangan.